Noyabr oyida isteʼmol bozorida tovar va xizmatlar oʻrtacha 1,2% ga oshdi. Yil boshidan buyon isteʼmol sektorida narxlar oʻsishi 8,6% ni tashkil etgan boʻlsa, yillik koʻrsatkichda 10,3% ga yetdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi hisobotida aytiladi.

Oy davomida narxlar va tariflar oʻsishi boʻyicha yetakchi oʻrinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egalladi, ular oʻrtacha 1,9% ga oshgan. Shu davrda nooziq-ovqat tovarlari 0,8% ga, aholiga pullik xizmatlar 0,5% ga qimmatlashdi.

Yillik koʻrsatkichda oziq-ovqat mahsulotlari 13,4% ga qimmatlashdi va uch asosiy guruh orasida narxlar oʻsishi boʻyicha yetakchilikni saqlab qoldi. 2020-yil noyabr oyidan boshlab nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 7,9% ga, xizmatlar narxi 8,1% ga oshdi.

Noyabr oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (meva-sabzavotlardan tashqari) orasida tuxum (5,4%), sut va shakar (4,1%), tovuq goʻshti (3,9%), boshqa parranda goʻshti narxlarining sezilarli oʻsishi kuzatildi (3,7%). Bir oy davomida bugʻdoy unining narxi 1,6% ga oshdi. Guruchning barcha turi (-0,8%), shuningdek, mol va qoʻy goʻshti (0,1−0,8%) narxlarining biroz pasayishi qayd etildi.

Noyabr oyida turar joy binolari ijarasi 1,2%ga oshdi. Shu bilan birga, kommunal xizmatlarning asosiy turlari boʻyicha narxlar va tariflar oʻtgan oy darajasida saqlanib qoldi.

Oʻzbekistonda oktyabr oyida inflyatsiya yillik 10,6% ni tashkil qilgandi. Oʻshanda narxlar va tariflar oshishi boʻyicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli boʻlgan.