Spot avval yozganidek, “Oʻzbekneftgaz” 2022-yildan boshlab AI-80 benzinini bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati kompaniya Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-80 oʻrniga AI-92 benzin ishlab chiqarishga oʻtish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Oʻtish jarayoni rossiyalik hamkorlar yordamida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Reja “Gazpromneft"ga qarashli “Gazpromneft — Industrial Innovations” kompaniyasi bilan muzokaralar chogʻida muhokama qilingan. Uchrashuv “Markaziy Osiyoning neftni qayta ishlash va neft kimyosi — 2021” 8-xalqaro konferensiyasi doirasida boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida tomonlar Rossiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan aroforming texnologiyasidan foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Aroforming yengil benzin fraksiyalarini katalizator yordamida metanol bilan reaksiyaga kirishtirib, yuqori oktanli benzin olish imkonini beradi.

Kutilganidek, mazkur texnologiya yordamida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida yuqori oktanli yoqilgʻi, xususan, AI-92 benzin ishlab chiqarish kengaytiriladi. Bu AI-80 benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha “Oʻzbekneftgaz” Rossiya kompaniyasi bilan bir qator shartnomalar imzoladi. Jumladan, “Gazpromneft — Industrial Innovations” ilmiy-tadqiqot markazi texnologik jarayonni amalga oshirish uchun zarur ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.

Shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida aroformlash qurilmasini yaratish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslash ham koʻrib chiqiladi. Loyihaning taxminiy quvvati yiliga 20 ming tonna benzinni tashkil etadi.