“Kommersantʼ"ning yozishicha, uchinchi chorakda jismoniy shaxslar tomonidan Rossiyadan MDH mamlakatlariga pul oʻtkazmalari boʻyicha olti yillik rekord qayd etildi.

Rossiya markaziy bankining maʼlumot berishicha, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston bu borada yetakchi boʻldi.

Maʼlumotlarga koʻra, iyul-sentyabrda Rossiyadan MDH mamlakatlariga toʻlov tizimlari orqali transchegaraviy oʻtkazmalar $2,29 mlrd ga yetgan.

Oxirgi marta pul oʻtkazmalari boʻyicha yirik miqdor — $2,31 mlrd lik koʻrsatkich 2015 yilning ikkinchi choragida qayd etilgandi.

Joriy yilning uchinchi choragida Rossiyadan Oʻzbekistonga $1,01 mlrd (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 34,9% ga koʻp), Tojikistonga $0,53 mlrd (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 25,5% ga koʻp) va Qirgʻizistonga $0,43 mlrd (ikkinchi chorakdagiga nisbatan 21,7% ga koʻp) yuborilgan.

Qayd etilishicha, pul oʻtkazmalari miqdorining oʻsishiga mehnat migrantlari oqimi, xususan, Oʻzbekiston va Tojikistondan ishchi kuchini uyushgan tarzda olib kelish sabab boʻldi.