Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev vazirlar, hokimlar va deputatlarning oylik maoshlari oshirilishiga besh yillik moratoriy eʼlon qildi.

“Daromadlar toʻgʻrisida soʻz borar ekan, ayrim xarajatlarni ham qayd etmasak boʻlmaydi. Hukumat aʼzolari, deputatlar va albatta, hokimlarning oylik maoshlarini oʻtgan yili jamiyatda qizgʻin muhokama qilingandi”, — dedi Toʻqayev mamlakat quyi parlamentida qilgan chiqishida.

Toʻqayev maʼmuriy xizmatchilar va byudjet xodimlarining maoshlari byudjet imkoniyatlari oʻsishiga qarab oshirilishda davom etishini qoʻshimcha qilgan.

“Yuqorida eslab oʻtilgan davlat xizmatchilarining maoshlarini yetarli deb hisoblayman. Shu sababli ularning oylik maoshlari oshirilishiga besh yillik moratoriy eʼlon qilish mumkin deb hisoblayman”, — dedi u.

Avvalroq Spot Qozogʻistondagi inqiroz fonida neft narxi 5% ga qimmatlashgani haqida yozgan edi.