Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublikadagi korxonalar oʻrtasida navbatdagi soʻrovnomani oʻtkazdi. Ikki yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovda 1000 dan ortiq korxona ishtirok etdi.

Soʻrovda qatnashgan tadbirkorlarning 43%i oʻz biznesining hozirgi holatini yaxshi deb qayd etdi.

Soʻnggi 3 oy ichida biznesning holati qanday oʻzgarganligi haqidagi savolga tadbirkorlarning 29% — yaxshilandi, 53% — oʻzgarmadi va 18% — yomonlashdi deb javob berdi.

39% korxonalarda tovar/xizmatlarga boʻlgan talab yaxshilandi, xodimlar soni esa 22% korxonalarda oshdi.

Tadbirkorlar asosiy muammolar orasida moliyalashtirish va yer uchastkalari, yuqori soliq stavkalari, yuqori narxlar va xom ashyoning yetishmasligi va tovarlar/xizmatlarga boʻlgan talabning pastligi, soliq maʼmurchiligi, elektr taʼminoti va boshqalarni taʼkidlashdi.

Shuningdek, tadbirkorlarning 80% oʻzlarining biznes istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi. 73% korxonalarda tovar va xizmatlarga boʻlgan talab yaxshilanishi, ishchilar soni 68%ga oshishi kutilmoqda.

Tadbirkorlarning 22% kelgusi 3 oy ichida tovarlar/xizmatlar narxlarining koʻtarilishini kutishmoqda, 29% narxlar oʻzgarmaydi va 3% narxlar pasayadi deb hisoblaydi. Respondentlarning 46%i yaqin kelajakda oʻz tovarlari/xizmatlari narxi qanday oʻzgarishini bilishmaydi.