Pokiston Oʻzbekistonga goʻshtning birinchi partiyasini joʻnatdi, deya yozmoqda mahalliy Business Recorder nashri.

9-mart kuni Karachidan $400 minglik 18 tonna halol goʻsht solingan muzlatgichli konteyner joʻnab ketdi va keyingi hafta Toshkentga yetib kelishi kutilmoqda. Yuk Pokistonning “Shaheen Group” va “Pyramid Logistics” kompaniyalari tomonidan tayyorlangan.

Joʻnatish marosimida “Shaheen” rahbari Malik Sher Xon mart oyi oxirigacha Oʻzbekistonga yana 50 konteyner goʻsht joʻnatilishini aytdi. Kelajakda trafik faqat oshadi.

Xonning soʻzlariga koʻra, Pokiston Oʻzbekiston bozoriga yaqinda, imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimlar tuzilganidan keyin va tovar ayirboshlash koʻpayganidan soʻng diqqat bilan qaray boshlagan.

Tadbir davomida “Pyramid Logistics” direktori Navid Marvat ham soʻzga chiqdi. U Oʻzbekiston bozorining Pokiston goʻshti uchun keng imkoniyatlarini taʼkidladi.

4-mart kuni ikki davlat oʻrtasida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolangandi. Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon ham Transafgʻon temir yoʻlini yanada rivojlantirishga kelishib oldi.

Bundan sal avval prezident tranzit savdosi boʻyicha Oʻzbekiston-Pokiston kelishuvini tasdiqladi.


Oʻzbekiston yuklarni yetkazib berishning janubiy yoʻnalishini ishlab chiqmoqda — bu boshqalarga nisbatan dengiz portlariga tezroq va arzonroq chiqish mumkin.

Oʻzbekistondan birinchi tranzit yuk, yaʼni toʻrt yuk mashina paxta ipidan iborat karvon oʻtgan yilning noyabr oyida Pokistonga yetib keldi. Pokistonlik hamkorlar ushbu tadbirni “mintaqadagi hamkorlikning yangi davrining boshlanishi va aloqalarning kuchayishi” deb atadi. Mutaxassislarning fikricha, yangi multimodal yoʻnalish boshqa variantlardan 80% ga qisqa va 38% ga arzon.

2021-yilning kuzida Pokiston Oʻzbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirdi — yuk mashinalari kirish toʻlovi boʻyicha depozit toʻlamasdan mamlakatga kirishi mumkin. Bu Gvadar, Karachi va Qosim portlari orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning tranzitini osonlashtirdi.

Afgʻonistonda siyosiy hokimiyat almashganidan soʻng janubiy yoʻnalish boʻylab oʻzbek yuklarini olib oʻtish qiyinlashdi — bojxonachilar yetarli darajada malakali emasligi tufayli safar avvalgidek uch kun emas, balki bir hafta davom eta boshladi. Biroq yanvar oyida Afgʻoniston muvaqqat hukumati Oʻzbekistonga Pokiston portlariga chiqish imkonini beruvchi temir yoʻl yoʻnalishini tasdiqladi. Yoʻnalish Mozori Sharifdan Bagʻlon va Bomiyon orqali davom etadi.

Shavkat Mirziyoyev avvalroq Transafgʻon temir yoʻli Oʻzbekistonga eksport bozorlari va transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, qoʻshni davlatlarda arzon tranzitga erishish imkonini berishini taʼkidlagan edi.