Telegram yangi versiyalarini rasman chiqardi. Android, iOS va macOS uchun mijozlar 8.6 versiyasiga, Telegram Desktop 3.6 versiyasiga yangilandi.

Telegramʼning yangi versiyasida yuklab olish menejeri, yangilangan ilova menyusi, telefon raqami boʻyicha havolalar, shuningdek, uchinchi tomon ilovalari orqali video translyatsiyalar va boshqa funksiyalar mavjud.

Yuklab olish menejeri

Messenjerdagi qidirish boʻlimida yangi “Yuklashlar” yorligʻi paydo boʻldi, hozirda yuklab olinayotgan yoki yaqinda yuklab olingan barcha fayllar va media bu yerda koʻrsatiladi. Fayl yuklanganda, tezda yorliqqa oʻtish uchun qidiruv maydonida belgi paydo boʻladi.

“Yuklashlar” orqali siz faylni yuklab olishni toʻxtatib turishingiz yoki qayta boshlashingiz, maʼlum yuklab olishlar uchun ustuvorlikni oshirishingiz yoki ushbu obyekt yuborilgan chatga oʻtishingiz mumkin.

Media menyu

Bir nechta fotosuratlar yoki videolarni yuborishda olingan albomni koʻrish, fayllarni almashtirish, keraksizlarini olib tashlash va albomga sarlavha qoʻshish mumkin. Buning uchun yuborish menyusining yuqori qismidagi “Tanlangan” tugmasini bosish kifoya.

iOS uchun Telegramʼda ilova menyusi Android versiyasida qoʻllaniladigan yangi qulay formatga oʻtkazildi. Yangilangan Fayllar boʻlimida yaqinda yuborilgan qoʻshimchalarni ham koʻrishingiz mumkin.

Boshqa ilovalardagi translyatsiyalar

Guruh va kanal administratorlari translyatsiyalarni boshqarish uchun XSplit Broadcaster yoki OBS Studio kabi uchinchi tomon ilovalaridan foydalanishlari mumkin. Bu sizga rasmning yuqori qismiga maʼlumot qoʻshish yoki, masalan, yashil ekrandan foydalanish imkonini beradi.

Buning uchun menyu orqali guruhda yangi video chat yaratish kerak , “Start with …” bandini tanlab, soʻngra serverga havolani va uning kalitini kerakli dasturga koʻchirish lozim.

Tomoshabinlar yangi translyatsiyalarni faqat Telegramʼning soʻnggi versiyasiga yangilangan holda koʻrishlari mumkin boʻladi.

Telefon raqami boʻyicha havolalar

Hisob uchun @username havolasini yaratishda ilgari mavjud boʻlgan funksiyaga qoʻshimcha ravishda, telefon raqamiga toʻgʻridan-toʻgʻri havolalar funksiyasi qoʻshildi. Ularni doʻstlar bilan baham koʻrish mumkin.


Agar foydalanuvchi oʻzini telefon raqami orqali topishga ruxsat bergan boʻlsa, uni bosganingizda u bilan suhbat ochiladi. Telefon raqami xalqaro formatda koʻrsatilgan (masalan, +998990000000).

Android-da yarim shaffof interfeys

Tungi rejimda Telegram interfeysi elementlari shaffof boʻlib qoladi — chatda aylanayotganda fon, stikerlar va media fayllar “porlaydi”. Shunga oʻxshash funksiya iOS ilovasida 2021-yil iyun oyida paydo boʻlgan edi.

Boshqa yaxshilanishlar

  • Yangi kirish interfeysi — Android va macOSʼdagi kirish ekrani endi animatsion elementlarni oʻz ichiga oladi.
  • MacOS uchun Telegram mijozi endi turli oynalarda bir nechta hisob ochish imkonini beradi.