Xitoyning eng qadimgi va eng yirik elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchilardan biri BYD boʻlib, uning tarixi mobil akkumulyator biznesiga borib taqaladi. Reuters maʼlumotlariga koʻra, xomashyoning dahshatli surʼatlarda qimmatlashishi tufayli BYD ham elektromobillar narxini $471 dan $942 gacha oshirishga majbur.

Yangi narxlar bugundan kuchga kiradi, yangi buyurtmalar allaqachon yangi prays-list boʻyicha qabul qilinadi. Avans toʻlovini amalga oshirgan mijozlar eski narxlarda avtomashinalarni olishlari mumkin boʻladi. Qoʻshimcha qilamizki, bu qadam Xitoydan tashqaridagi kompaniyalarga ham taʼsir qilishi mumkin — maʼlumki, masalan, ushbu kompaniya LFP tipidagi tortish batareyalari yordamida Xitoy bozori uchun arzon elektromobil ishlab chiqarishda Toyota kompaniyasining hamkoriga aylanadi.

Bu holda ishlab chiqarish xarajatlari masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi va bu butun loyihaga qanday taʼsir qilishini aytish mushkul. Ford Motor kompaniyasi ham avvalroq oʻz elektromobillari uchun BYD tortish batareyalarini olishga qiziqish bildirgan.

Nikel, alyuminiy va litiy narxining oshishiga Rossiya bilan bogʻliq soʻnggi voqealar sabab boʻldi. Ammo bundan oldin ham narxlar elektr transport vositalariga va ular uchun tortish batareyalariga boʻlgan yuqori talab tufayli muqarrar ravishda oʻsgan. Kecha Tesla oʻzining Amerikada ishlab chiqarilgan elektromobillari narxini oʻrtacha $1000 dan $5000 gacha oshirishga qaror qildi va Model X flagman krossoveri birdaniga $10 000 qoʻshdi.

Avvalroq “Oʻzavtosanoat” rahbari oʻrinbosari Aziz Shukurov Oʻzbekiston Xitoyning BYD kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarishda hamkorlik qilmoqchi ekanligini ma’lum qilgandi.

Mavuzga doir: Grafit tanqisligi sababli elektromobil ishlab chiqarish xavf ostida qolmoqda.