Prezident farmasevtika sohasini tubdan takomillashtirish yuzasidan yig’ilish o’tkazmoqda. Yig‘ilishda Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan ishlab chiqilgan 18 ta yirik istiqbolli loyiha bo‘yicha investitsiyalarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Jumladan:
- Andijonda onkologiya va gepatitga qarshi dorilar bo‘yicha Hindiston bilan;
- Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yurak-qon tomir va nafas yo‘llari, yuqumli kasalliklar bo‘yicha Germaniya va Turkiya bilan;
- Namangan, Samarqand va Sirdaryoda tibbiy buyumlar bo‘yicha Xitoy va Koreya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, joylarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda kichik sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilashga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 50 milliard so‘m yo‘naltirish topshirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yangi loyihalarni moliyalashtirishga hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlarga 1 mayga qadar 100 mln. dollar, 1-sentyabrga qadar yana 100 mln. dollar jalb qilish choralarini ko‘radi.