“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihaning maqsad va vazifasi — Oʻzbekiston prezidenti tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston qonunchiligi meʼyorlariga moslashtirishdan iborat.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida:

  • talabalarning oliy taʼlim muassasalari hududida tashkil etgan pulli sport toʻgaraklari, oʻquv kurslari va boshqa taʼlim xizmatlarni koʻrsatishdan olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi belgilanadi;
  • norezident hisoblangan jismoniy shaxslarning Oʻzbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasi 12% miqdorida belgilanadi;
  • tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlarini hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi;
  • xotin-qizlarning bandligini oshirish maqsadida mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarining reyestriga kiritilgan hududlardagi tadbirkorlik subyektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 1% miqdorida oʻrnatiladi;
  • bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqat Bojxona kodeksi va boshqa qonunlarga asosan berilishi taʼminlanadi, shuningdek ayrim soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi.