Shavkat Mirziyoyev 24-may kuni neft-gaz xomashyosini qazib olish va mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiyotni liberallashtirish va sanoatning yetakchi tarmoqlarini transformatsiya qilish boʻyicha maqsadlar belgilangan. Jumladan, neft-gaz sohasida ham transformatsiya jarayonlari boshlangan.
Yigʻilishda davlat rahbari, avvalo, shu masalaga eʼtibor qaratib, bu jarayonni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi. Xalqaro konsultantlarni jalb qilib, strategik yondashuvlarni belgilab olish, neft-gaz sohasida hisob-kitob mexanizmlari shaffofligini taʼminlash vazifalari qoʻyildi.
Korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish orqali xarajatlarni qisqartirish, boshqaruv tizimini ilgʻor xorijiy tajriba asosida tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Prezident tarmoq rahbarlariga aholi va tadbirkorlik subyektlarini yoqilgʻi-energiya manbalari bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.
Tabiiy gaz isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq ishga tushirib, yoʻqotishlarni bartaraf etish choralari belgilandi. Resurslarni hozirdan tejash, muqobil energiyadan foydalanishni ragʻbatlantirish muhimligi taʼkidlandi.