“Hududgaztaminot” AJ aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishtartibini yangiladi. Endi qo‘shimcha gaz balloni olish bilan bog‘liq har bir murojaat joyiga chiqqan holda mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Yangi tartibga ko‘ra oila a’zolari ko‘p bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tgan uy xo‘jaliklari endi belgilangan muddatda o‘z ID-karta orqali ikki marotaba gaz olishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi iste’molchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham yangilandi. Bunda xonadonda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, oshxona va gaz jihozlari belgilangan talab va standarlarga mos kelishiga alohida e’tibor qaratildi.

Gaz ballonni ishga tushirish va sozlash xizmati uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, o‘rnatilgan tartibda shartnoma tuziladi hamda tasdiqlangan jadval asosida manzilga suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Suyultirilgan gaz uchun to‘lov “Paynet”, “Payme”, “Milliy”, “Click”, “Apelsin”, “Beepul” mobil ilovalari orqali naqd pulsiz amalga oshiriladi.