Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda gaz quyish shoxobchalarida narxlarining oshishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-iyulda qabul qilingan 387-son qaroriga koʻra, gaz quyish shoxobchalari uchun mahsulotlarni sotish narxlari oshmagan va bir xil darajada saqlanib qolganligi taʼkidlangan.

Shu munosabat bilan, AGTKShlarida avtotransport vositalariga yonilgʻi quyish uchun ishlatiladigan metan narxini oshirishning obyektiv sabablari yoʻq, deyiladi rasmiy izohda.

Shuningdek Energetika vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari AGTKShlarning narx siyosatiga taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega emasligi, chunki AGTKShlar bozor sharoitida faoliyat yuritishi hamda talab va taklifga qarab narxlarni oʻzlari shakllantirishi eslatib oʻtilgan.

Avvalroq “Yoqilgʻi-energetika resurslari taʼminotida bozor mezanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida"gi Hukumat qarori qabul qilingandi. Unga koʻra, asosiy oʻzgarishlar yuridik shaxslar uchun kuchga kirishi belgilab qoʻyilgan edi.

Biroq 14-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi mazkur hujjatning amal qilish muddatini kechiktirish yuzasidan qaror qabul qildi. Endilikda yuridik shaxslar uchun ham gaz va elektr narxi vaqtincha oshmaydigan boʻldi.