“Bulldozer Group” xoldingiga kiruvchi Toshkentdagi “TOKU” restorani xalqaro xolding bilan hamkorlikni toʻxtatdi.

Restoran vakilining “Spot"ga ma’lum qilishicha, xoldingdan chiqish “TOKU"ning ishiga, yangi loyihalar konsepsiyasi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Gap nima haqida

Xolding asoschisi Aleksandr Orlov biznesining bir qismini Yaqin Sharq investorlariga sotdi.

Shu tufayli xoldingining Rossiyadagi qismi, masalan, “Хорошая Девочка”, “Такахули”, “Lou Lou”, “Eshak” kabi loyihalar endi “Alba Group” brendi ostida ishlaydi.

“Bulldozer Group” tarkibiga kiruvchi Qozogʻiston va Oʻzbekistondagi barcha restoranlar ham xalqaro xolding bilan hamkorlikni toʻxtatdi.

Endi O‘zbekistondagi “TOKU”, Qozog‘istondagi “Manana”, “Dragonfly” va “More&More” kabi restoranlar mustaqil restoran xoldingi — “Sun Group"ga birlashtirilishi kutilmoqda.

Biroq Aleksandr ushbu restoranlarning egasi bo‘lib qoladi, shuningdek, e’tiborini o‘zining xorijiy, jumladan, AQSh va BAAdagi loyihalarini ishlab chiqishga qaratadi.


“Bulldozer Group” xoldingi o‘z vaqtida Rossiya, Ukraina, Qozog’iston, O’zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va AQShda 70 dan ortiq restoranlarni boshqargan.