Belarusda bir qator mahalliy go‘sht ishlab chiqaruvchilari uchun veterinariya eksport sertifikatlarini berish to‘xtatildi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.
Unga ko‘ra, mamlakatda go‘sht-sut sektorining yettita yirik ishlab chiqaruvchisi uchun mahsulotlarni chet elga eksport qilishda cheklovlar joriy qilingan.
Bu orqali Belarus hukumati oziq-ovqat mahsulotlarining ichki narxlarini ushlab turishga urinmoqda.
Xususan, yuqoridagi yettita kompaniyaning Rossiyaga tovuq go‘shti, tuxum va sut mahsulotlarini olib chiqishi vaqtincha taqiqlangan.
Regulyator buni ichki bozorni mahsulotlar bilan to‘ldirish zarurati mavjudligi bilan asoslaydi.
“Eksportni taqiqlash respublikada 5-oktabrdan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari narxining muzlatilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi”, — deydi Rossiya qishloq xo‘jaligi banki sanoat ekspertizasi markazi rahbari Andrey Dalnov.
“Servolux Agro” (Petruxa brendi), “Vitebsk broiler” (Ganna brendi), “Drujba”, “Baranovichi” (Zlatko brendi ostida tuxum ishlab chiqaradi) va “1-Minsk” (“Notables” savdo belgisi) parrandachilik fabrikalari mahsulotlariga cheklovlar qo‘yildi.
Sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari orasida eksport taqiqi “Rogachev” va “Lepel” zavodlariga ta’sir ko‘rsatdi.
Bu kompaniyalarning barchasiga mahsulot eksport qilish, jumladan, Rossiyaga ham eksportni amalga oshirish vaqtinchalik taqiqlanganini ta’kidlamoqda “Kommersant"ning sohadagi manbasi.
Ma’lum qilinishicha, Belarus Rossiyaga yiliga 120−140 ming tonna parranda go‘shti import qiladi.
“Kommersant” manbasining hisob-kitobiga ko‘ra, eksport taqiqini inobatga olgan holda, yil oxirigacha respublikadan Rossiya bozoriga yetkazib berish hajmi 30 ming tonnaga kamayishi mumkin.