Yaponiyada inflyatsiya darajasi sentabr oyida 3%ga yetdi, deya xabar berdi “RIA Novosti” Yaponiya Milliy ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga tayanib.
Ko‘rsatkich Yaponiya banki tomonidan belgilangan 2% inflyatsiya darajasidan oshdi. Narxlar esa 1991-yil avgustidan beri birinchi marta 3% ga oshgan.
Narxlarning oshishi ketma-ket 13 oy davom etmoqda. Bunga esa energiya narxining qimmatlashi va Yaponiya milliy valyutasining rekord darajada past kursi sabab bo‘ldi.
Tokiodagi kimoshdi savdosida bir dollar narxi 150,14 — 150,17 iyenani tashkil qildi. 20-oktabr kuni bir dollar uchun iyenaning kursi 24 yil ichida birinchi marta 150 ko‘rsatkichdan o‘tdi.
“Tokyo Shoko Research” agentligi o‘tkazgan so‘rovnomada, kompaniyalarning 54,2%i iyenaning dollarga nisbatan past kursi ularning biznesiga salbiy ta’sir, atigi 2,5%i esa ijobiy ta’sir ko‘rsatganini aytgan.
Yaponiya milliy valyuta kursining tez pasayishda davom etishining asosiy sababi Amerika va Yaponiya markaziy banklarining pul-kredit siyosatiga yondoshuvidagi kuchli tafovutdir.
AQSH Federal rezerv tizimi diskont stavkasini oshirishda davom etmoqda, Yaponiya banki esa uni salbiy darajada saqlab qolmoqda.
Avvalroq “Spot” Germaniyada inflyatsiya 70 yil ichida birinchi marta deyarli 11%ga yetgani haqida yozgandi.