Saudiya Arabistoni va OPEK+ mamlakatlari neft qazib olish hajmini kuniga 500 ming barrelga oshirish mumkinligini muhokama qilmayapti, deya xabar berdi “Saudi Press Agency”.

Aksincha, qirollik yaqin kelajakda yanada ko‘proq qisqartirib borishi mumkin, dedi Saudiya Arabistoni Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon.

21-noyabr kuni “The Wall Street Journal” ishlab chiqarish hajmini oshirish muhokamasi haqida xabar berdi.

“OPEK oʻz yigʻilishlari oldidan hech qanday qarorni muhokama qilmasligi hammaga maʼlum va sir emas. Joriy 2 mln barrelga qisqartirish 2023-yil oxirigacha davom etadi va agar talab va taklif muvozanatini ta’minlash uchun ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurati tug‘ilsa, biz doimo aralashishga tayyormiz”, — dedi vazir.

“WSJ” manbalariga ko‘ra, neft qazib olishni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror OPEKning 4 dekabrdagi yig’ilishida qabul qilinishi mumkin.

Nashrning xabar berishicha, ular yaqinlashib kelayotgan sovuq havo va talabning ortishi fonida ishlab chiqarish kvotasi hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, 2023 yilning birinchi choragida neftga bo‘lgan talab sutkasiga 1,69 mln barrelga oshib, 101,3 mln barrelga yetishi mumkin.

5-oktabr kuni “OPEK” mamlakatlari neft qazib olishni kuniga 2 mln barrelga qisqartirishga kelishib olishgandi.