Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Unda, yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hududlarda aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari yaxshi emasligi ta’kidlandi.

2022-yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda mazkur tuman hokimlariga nisbatan chora bo‘yicha taklif berish topshirildi.

“Xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert"da oylik to‘lab kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Xususan, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida — 80%, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda — 75%, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida — 70% korxonalarda 1 ta ish o‘rni ko‘rsatilgan.

Shuningdek, chakana savdo, yo‘lovchi va yuk tashish, qishloq xo‘jaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, IT, avtomobil ta’mirlash kabi faoliyatlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%ga tushirilgan. Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko‘pi aynan shu faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.

“Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to‘lash va davlat bilan hamkorlikka o‘ta olmayapti”, qayd etiladi xabarda.

Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga qabul qilganda, tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.

“Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70−80% korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko‘rmagan?”, — dedi davlat rahbari.

Viloyat hokimlariga mas’ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so‘rov o‘tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.