Joriy yilning 9 oyi davomida Udmurtiyada 40,8 ming muhojir ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 11,1 ming kishi respublikani tark etgan, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri “Udmurtstat” ma’lumotlariga tayanib.

Yana 11,4 ming kishi boshqa viloyat va mamlakatlardan kelib, 18,3 ming kishi respublika ichida ko‘chib o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, migratsiya o‘sishi 326 kishini tashkil etadi hamda Volga federal okrugidan kelganlar soni 50%, Markaziy federal okrugidan kelganlar soni esa 17%dan iborat.

Shuningdek, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlardan 2851 ta muhojir kelgan bo‘lib, ularning aksariyati Ukrainadan — 25%, Tojikiston va O‘zbekistondan — 16% hamda Armanistondan — 11%ni tashkil etgan.

Xalqaro migratsiyada Udmurtiyaga kelganlar soni ketganlar sonidan 256 kishiga ko‘p.

Natijada, Udmurtiya aholisining mintaqani tark etishining asosiy sabablari sifatida vaqtincha yo‘qlikdan keyin qaytish (35%), shaxsiy sabablar (26%), uy-joy (16%), o‘qish (13%), ish (6%) keltirilgan.

Joriy yilning aprel-iyun oylarida Rossiyaga O‘zbekistondan 1,54 mlndan ortiq mehnat muhojiri kelgan bo‘lib, bu mazkur davr mobaynida kelganlarning qariyb yarmini tashkil etgan. Ikkinchi chorakda mamlakatga kirgan mehnat muhojirlari soni 3,1 mln kishiga yetgan. Natijada, muhojirlarning yarmi oʻzbekistonliklarga toʻgʻri keldi.

Bundan tashqari, olti oy davomida Novosibirskda ham oʻzbekistonlik migrantlar soni koʻpaydi.

Sentabr oyiga kelib mamlakatga Markaziy Osiyodan kelgan xorijiy ishchi kuchi oqimi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30%ga oshdi hamda o‘zbekistonlik migrantlar 49,6%ni qamrab olgan.

Irkutsk viloyati qurilish sanoati uchun 200 mingdan ortiq ishchi kuchi zarurligi sabab, O‘zbekistondan migrantlarni jalb qilishi belgilangan. Qolaversa, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya mehnat bozoriga jalb etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishni sezilarli darajada o‘zgartiruvchi hukumat qarori e’lon qilindi.

Shuningdek, mamlakatda qurilish sohasida kadrlar yetishmovchiligi mehnat muhojirlarini jalb qilish hisobiga to‘ldirilishi ma’lum bo‘lgandi.