2022-yilning sentabr oyida hukumat qarori bilan qishloqlardagi chet tillarini o‘rgatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish tartibi tasdiqlangandi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya quyidagi maqsadlarda ajratiladi:

  • bino va o‘quv xonalarini axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mebel, asbob-uskunalar, o‘qitishning texnik vositalari va boshqa anjomlari bilan jihozlashga;
  • zarur darsliklar, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda vositalari bilan ta’minlash, ta’lim jarayoniga jalb etiladigan pedagog kadrlar mehnatiga haq to‘lashga.

Buning uchun kalendar yilning har choragi birinchi oyining 10-sanasigacha Yagona portalda elektron ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilish kerak.

Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:

  • 2 yilga mo‘ljallangan biznes reja;
  • mahsulot yetkazib berish yoki ishlarni, xizmatlarni bajarish to‘g‘risida tuzilgan xo‘jalik shartnomalari;
  • pedagog kadrlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari;
  • pedagog kadrlarning xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlari;
  • ta’lim jarayonida foydalanilayotgan bino yoki o‘quv xonalarining ijara shartnomasi (ko‘chmas mulk ijarasi asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun).

Shuningdek, subsidiya talabgorlaridan yuqorida ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

Mazkur xizmatdan foydalanish bepul amalga oshiriladi. Undan foydalanish uchun havola orqali o‘tish mumkin.