Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekiston bank tizimida raqobat darajasini tahlil qildi.

Mazkur tadqiqotda “Herfindal-Hirshman” indeksi (HHI)dan foydalanilib, u bozor kontsentratsiyasining umumqabul qilingan o‘lchovlaridan biri hamda bozor raqobatbardoshligini aniqlash uchun ishlatiladi.

HHI 1500 dan past bo‘lgan bozor raqobatbardosh bozor hisoblanadi, HHI 1500 dan 2500 gacha bo‘lgan bozor o‘rtacha konsentratsiyalangan va HHI 2500 yoki undan yuqori bo‘lgan bozor yuqori darajada konsentratsiyalangan bo‘ladi.

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekiston bank tizimida raqobat aktivlar va kreditlar hamda depozitlar bo‘yicha ham ortib bormoqda.

2018-yil 1-yanvar holatiga aktivlar bo‘yicha HHI indeksi 1520 bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yil 1-dekabr holatiga 1016 gacha pasaydi. Kreditlar bo’yicha ushbu ko‘rsatkich 1709 dan 1082 gacha tushdi.

Depozitlar bozorida bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asosan faoliyat olib borilishi sababli banklar o‘rtasida depozitlar uchun kuchli kurash mavjud va bu kurash yildan yilga ortib bormoqda.

Ushbu tendensiya depozitlar bo’yicha HHI indeksining 919 dan 852 gacha tushganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Aktivlar

Davlat ulushi mavjud yirik TOP-5 banklarning (“O‘zmilliy bank”, “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka bank”, “Agrobank”) bank tizimi aktivlaridagi ulushi 70,9%dan 60,5%gacha kamaydi.

Boshqa banklar ulushi esa 11%dan 18%gacha oshgan bo‘lsa, xususiy banklar ulushi 18,1%dan 21,5%gacha ko‘paydi.

2025-yilga borib, bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari ulushini 60%gacha oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur davrda bank tizimiga “Tenge bank”, “TBC bank”, “Anor bank”, “Uzum (Apelsin) bank” va “Poytaxt bank” kirib keldi. Ushbu banklarning jami aktivlardagi ulushi 1,8%ga yetdi.

Kreditlar

TOP-5 banklarning jami kredit portfelidagi ulushi 77%dan 64%gacha kamaydi. Xususiy banklar ulushi 11,6%dan 16,6%gacha ko‘paygan bo‘lsa, davlat ulushi mavjud boshqa banklar ulushi 19%ga yetdi.

Xususiy banklardan “Kapitalbank”, “Hamkorbank”, “Ipak yo‘li banki” tijorat kreditlari bozorida davlat ulushi mavjud banklar uchun ham, boshqa xususiy banklar uchun ham jiddiy raqobatchiga aylandi.

“Kapitalbank"ning jami kredit portfelidagi ulushi 1,2%dan 3,8%gacha oshgan bo‘lsa, “Ipak yo‘li banki” ulushi 1,8%dan 2,1%ga ko‘paydi. “Hamkorbank” esa bozordagi 3%lik ulushini saqlab kelmoqda.

Depozitlar

2018-yilning boshida TOP-5 banklar bank tizimidagi jami depozitlarning 51,2%ga egalik qilgan bo‘lsa, 2022-yil 1-dekabr holatiga kelib ularning ulushi 46,9%gacha qisqardi.

Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar ulushi 34,1%dan 36,4%gacha ko‘paydi. Davlat ulushi mavjud boshqa banklarning depozit bozoridagi ulushi 2 foiz bandga — 14,7%dan 16,7%gacha oshdi.

Depozitlar bozorida davlat ulushi mavjud banklar va xususiy banklar o‘rtasidagi raqobatdan ko‘ra xususiy banklar o‘rtasidagi o‘zaro raqobat kuchliroq hisoblanadi.

“O‘zKDB bank"ning ushbu bozordagi ulushi 8,6%dan 3,6%gacha kamaygan bo‘lsa, “Kapitalbank” o‘z ulushini 4,8%dan 10,9%ga yetkazib oldi. “Hamkorbank” depozitlari ulushi 5,5%dan 3%gacha kamaydi.

Depozitlar uchun raqobatning kuchayishi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining jozibadorligida ham o‘z aksini topadi.

Masalan, 2017-yilning aprel oyida yuridik shaxslar muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 5,8%ni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilning dekabr oyiga kelib 12,1%gacha ko‘tarildi.

2022-yilning dekabr oyida esa 16,9%ga yetdi. Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka esa so‘nggi 2 yilda 20%ni tashkil etib kelmoqda.