Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) tomonidan davlat boshqaruvida “kaizen” amaliyotini qo‘llash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etilmoqda.

Mahorat darsini qozog‘istonlik tadbirkor Marg‘ulan Seysembaev olib boradi.

“Kaizen” falsafasi ishlab chiqarishni doimiy ravishda takomillashtirish, rivojlantirish, biznes jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, boshqaruv va hayotning boshqa sohalariga qaratilgan. Dastlab “Toyota” va boshqa yapon kompaniyalari tomonidan qo‘llanilgan bo‘lsa, hozirda dunyoning yetakchi korporatsiyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

“NAPP"ning qayd etishicha, global muammolar fonida islohotlar davrida barcha sohalarda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish masalalari ayniqsa dolzarb hisobalanadi. Resurs va vaqtdan unumli foydalanish, xodimlar va rahbarlarning malakasini muntazam oshirib borish talab etiladi.

Marg‘ulan Seysembaev “Seimar Investment Group” investitsiya kompaniyasi asoschisi. U, shuningdek, “kaizen” falsafasi bo‘yicha bir qator o‘quv kurslarini yaratgan.

Mahorat darsi Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida (UDEA) 9-aprel kuni soat 12:30 da boshlanadi. Tadbirda hamma ishtirok etishi mumkin, lekin davlat tashkilotlari xodimlariga ustuvorlik beriladi.

Unda ishtirok etish uchun Telegram orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin. Ism, tugilgan sana, ish joyi va telefon raqamini qoldirish kerak.