Xitoy joriy yilning birinchi choragida xorijga qiymati $8,1 mlrd.lik 344,9 mingta elektromobil yetkazib bergan.

Bu haqda Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, “Tazabek” nashri xabar bermoqda.

Natijada ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 1,9 barobarga oshgan. O‘tgan yilning birinchi choragida mamlakat 181,9 mingta elektromobil eksport qilgandi.

Yanvar-mart oylarida 128 ta mamlakatga elektromobillar yetkazib berilgan hamda ular orasida 50,7 mingta elektromobil bilan Belgiya yetakchi bo‘ldi.

Undan keyingi o‘rinlarda esa Tayland (41,3 ming) hamda Buyuk Britaniya (38,8 ming) turibdi.

Bu davrda O‘zbekistonga jami 4114 ta elektromobil yetkazib berilgan.

Qayd etilishicha, bitta elektromobilning o‘rtacha narxi $21,1 mingdan $23,6 minggacha oshgan.

O‘zbekiston elektromobil importida Xitoy yetakchilik qilib kelmoqda. Dastlabki ikki oyda mamlakatga xorijdan qiymati $26,8 mlnlik 786 ta elektromobil xarid qilingan bo‘lsa, shundan 705 tasi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2022-yilda mamlakatdan olib kelingan elektromobillar soni 1 941 tani tashkil etgandi.