Markaziy bank joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha ipoteka kreditlari sharhini taqdim etdi.

Bu davrda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 3,3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,2 barobarga oshdi.

Aholining ipoteka kreditlari orqali uy-joy sotib olishga bo‘lgan talabi yuqoriligicha saqlanib qolayotganliginining asosiy omili sifatida quyidagilar keltirilgan:

  • iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi;
  • aholi daromadlarining o‘sishi;
  • mamlakatda investitsion faollikning oshishi;
  • “Yangi tartib” doirasida ipoteka kreditlari ajratish tartibining soddalashtirilishi.

Mavzuga doir: “Spot” aprel oyi holatiga banklardagi ipoteka kreditlari boʻyicha ma’lumotlarni bir joyga to‘plagandi.


Ajratilgan jami ipoteka kreditlarining 2 trln so‘mi (66%) birlamchi bozordagi uylar, 1,3 trln so‘mi (34%) ikkilamchi bozordagi uylar xaridiga yo‘naltirilgan.

Xususan, ipoteka kreditlarining 1,9 trln so‘mi markazlashgan mablag‘lar, 764 mlrd so‘mi tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hamda 521,6 mlrd so‘mi “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Dastlabki uch oyda ularning Toshkent shahri ipoteka krediti bo‘yicha yetakchi bo‘ldi — 1 trln so‘m.

Undan keyingi o‘rinlarda Toshkent (292,7 mlrd so‘m), Navoiy (242,2 mlrd so‘m), Samarqand (237,4 mlrd so‘m) hamda Farg‘ona (230 mlrd so‘m) viloyatlari turibdi.

“Yangi tartib” doirasida ajratilgan ipoteka kreditlarining eng yuqori ulushlari ham Toshkent shahriga (548,7 mlrd so‘m) to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 1-aprel holatiga tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarining qoldig‘i 10 trln so‘mni tashkil etdi.

Ularning asosiy qismi “Qishloq qurilish bank” (1,4 trln so‘m), “Milliy bank” (1,2 trln so‘m), “Xalq banki” (1,2 trln so‘m) hamda “Ipoteka bank” (1,2 trln so‘mi) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yanvar-mart oylarida 234 mingta aholining jami 1,2 trln so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari so‘ndirilib, shundan, 6,3 mingta fuqaroning 449,2 mlrd so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari to‘liq so‘ndirilgan.

Avvalroq 1-maydan rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratildi.

Xususan, ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari hisobga olinadi.

Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi hamda 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.