Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Eronning “Electronic Afzar Azma”, “ESFA Group” hamda “Atlas Tubine Pars” kompaniyalari bosh direktorlari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi, deya yozmoqda hukumat portali.

Eronlik tadbirkorlar O‘zbekistonda elektr tarmoqlari uskunalarini birgalikda ishlab chiqarish hamda elektr stansiyalarini ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etishga qiziqmoqda.

Shuningdek, soha bo‘yicha O‘zbekistonda markaz ochish hamda aqlli elektr hisoblagichlarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston elektr tarmoqlari monitoringi tizimini modernizatsiya qilish jarayonini ham olib borishi mumkin.

Tadbirkorlar va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun O‘zbekiston va Eronga viza olish tartiblari soddalashtirilishi belgilangan. Bu bo‘yicha 2022-yilda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bitim imzolangandi.