“Centrum Air” aviakompaniyasi yaqinda Moskvaga uchta yangi muntazam reyslar boshlanishini e’lon qildi.

Xususiy aviatashuvchi O‘zbekistonning uchta viloyati — Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bevosita bog‘laydi.

Parvozlar haftada bir marta Airbus A320−232 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Aviakompaniya 19-iyundan boshlab har dushanba kuni Urganchdan Moskvaga, 21-iyundan chorshanba kunlari Termiz-Moskva yoʻnalishi boʻyicha, 24-iyundan shanba kuni Buxoro-Moskva yoʻnalishi boʻyicha parvozlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Centrum Air” “Uzbekistan Airways"ning havo yuklarini tashish boʻyicha bosh agenti “My Freighter” tomonidan yo‘lovchilar uchun sho‘ba korxona sifatida tashkil etilgan.

Yanvar oyida kompaniya yo‘lovchi tashishga ruxsat oldi va birinchi ikkita Airbus A320−232 samolyotini sotib oldi.

Aviakompaniya 15-fevral kuni Toshkent va Farg‘ona o‘rtasida birinchi yo‘lovchi reysini amalga oshirgandi.

Aprel oyida “Centrum Air” Namangandan Jiddaga birinchi xalqaro reysni amalga oshirdi.

May oyidan aviatashuvchi Toshkentdan Sharm El-Shayxga charter reyslari boshlangani haqida xabar berdi. 5-iyundan boshlab u Toshkent-Olmaota yoʻnalishida parvoz qila boshladi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” 26-iyundan boshlab Grozniyga parvozlarni yoʻlga qoʻyishi haqida yozgandi.