“O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibi tasdiqlandi hamda Prezident Administratsiyasida prezidentning Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi tashkil etildi.

Maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, Adliya vazirligiga ma’muriy islohotlar doirasida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish funksiyasi yuklandi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida JST bilan ishlash va savdo muzokaralari departamenti tashkil etildi.

O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari bo‘yicha birinchi kotib lavozimi kiritildi.

Joriy yilning 1-iyulidan JST qoida va me’yorlariga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.


Avvalroq O‘zbekistonda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgandi.