Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida “Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi” ochildi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Tehrondan onlayn tarzda Eron Prezidentining Fan va texnologiyalar boʻyicha oʻrinbosari Rouhollah Dehghani Firouzabadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etdi.

Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ilmiy asoslangan yangi texnologiyalarni Oʻzbekistonga olib kirish jarayonini osonlashtirish uchun ishlab chiqilgan xalqaro dasturning bir qismi hisoblanib, Eron kompaniyalarining innovatsion texnologiyalari, mahsulotlari va xizmatlarining doimiy koʻrgazmasini tashkil etish bilan shugʻullanadi.

Qayd etilishicha, bu yer Eron Islom Respublikasi fan va texnologiyalar boʻyicha vitse-prezidentining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi sifatida faoliyat yuritadi.

U bilim almashinuvi, texnologiyalar transferi, innovatsiyalar ekotizimini rivojlantirish va Eron hamda Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun platforma yaratishni maqsadida tashkil etildi.

Shuningdek, u fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik orqali ikki mamlakatning iqtisodiy oʻsishi, ijtimoiy farovonligi va barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshishga intiladi.

IHITT Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi hamda ikki davlat oʻrtasida texnologik almashinuv, hamkorlik va sheriklikni rivojlantirishga yordam beradi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda U-Enter innovatsion biznes-inkubator markazi ochilgani haqida yozgandi.

U startap va tadbirkorlarga malakali mutaxassislardan loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan.