Joriy yilning birinchi yarmida banklar tomonidan 116 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan. Bu haqda Markaziy bank taqdim etgan hisobotda keltirilgan.

Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32%ga oshganini qayd etdi.

Xususan, kreditlarning 60%i (70 trln so‘m) korporativ va 40%i (46 trln so‘m) aholiga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ularning 24%i qisqa muddatli, qolgan 76%i uzoq muddatli kreditlarni tashkil etadi.

Milliy valyutada ajratilgan kreditlar 68%ni tashkil etib, qolgan 32%i xorijiy valyutadagi kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Banklar tomonidan 85 trln so‘mlik kreditlar so‘ndirilib, ularning qaytuvchanlik darajasi 73%ni tashkil etdi.

Jami kredit qo‘yilmalari qoldig‘i — 424 trln so‘m. Ularning 71%i korporativ kreditlar, 29%i chakana kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, jami kredit portfeli qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3%ga yoki 80,2 trln so‘mga o‘sgan.

Aholiga ajratilgan kreditlar tarkibida avtokreditlar hajmi 2,12 barobar oshib, 33,5 trln so‘mni tashkil etgan. Ipoteka kreditlari 26%ga o‘sib, 51 trln so‘mga, mikroqarzlar 25%ga o‘sib, — 18,9 trln so‘mga yetgan.

Bu davrda milliy valyutadagi kredit portfeli o‘tgan yilga nisbatan 29%ni tashkil etgan bo‘lsa, xorijiy valyutada 17%ga o‘sgan.

Bugungi kunda, banklarning jami kredit potfelining dollarlashuv darajasi 45,7%ni tashkil etadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,6% bandga pasaygan.

Mazkur holat, xorijiy valyutadagi kreditlarning qaytuvchanlik darajasining 10% bandga oshib, 87%ni tashkil etganligi hamda o‘tgan yilga nisbatan banklar tomonidan ajratilgan kreditlar tarkibida xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 34%dan 32%gacha pasayganligi bilan izohlanadi.

Yanvar-iyun oylari bo‘yicha O‘zbekiston faol banklar reytingida yirik banklardan “Kapitalbank”, kichik banklardan esa “Davr bank” yetakchilikni egallagandi.


Avvalroq regulyator asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgandi.