Joriy yilning 10-avgust kuni Toshkent shahrining uchta tumanida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, Sergeli tumanining “Nomdanak”, “Keng makon” va “Qo‘shqo‘rg‘o"n mahallalaridagi 383 ta xonadon hamda 12 ta ulgurji iste’molchilarga soat 11:00dan 17:00gacha tabiiy gaz vaqtincha yetkazib berilmaydi.
Shu kuni, soat 14:00dan 17:00gacha Bektemir tumanining “Musaffo” va “Sohil” mahallalaridagi 550 ta xonadon va 16 ta ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.
Mirzo Ulug‘bek tumanining “Olmachi"mahallasi, “Bo‘z bozor” ko‘chasidagi ulgurji iste’molchilar, 4 ta ko‘p qavatli uy hamda 289 ta xonadonlarning gaz ta’minoti soat 10:00dan 18:00gacha to‘xtatiladi.
Mazkur hududlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari olib borilishi ma’lum qilingan.
Avvalroq iyul oyida 40 mlrd so‘mlik gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingangani haqida xabar berilgandi.
Noqonuniy foydalanilgan 37,6 mln metr kub tabiiy gaz yoz mavsumida 188 mingta xonadonning, 22,8 mln kilovatt soat elektr energiyasi esa 114 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetadi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha jami 310 mlrd so‘mdan ortiq zarar hisoblangan.