Germaniyaning “Europ-Park” kompaniyasi 2024-yilda o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilish sonini oshirmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.
O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligida kompaniyaning xalqaro rekruting departamenti rahbari Kevin Stoimenov va “Consulting.uz” konsalting firmasi direktori Orifjon Ahmadaliyev o‘rtasida muzokara tashkil etildi.
Joriy yilda kompaniya 50dan ortiq o‘zbekistonliklar bilan qo‘shimcha mehnat shartnomasini tuzgan. Ular mehnat sharoitlari bilan bir qatorda tegishli uy-joy bilan ta’minlandi. O‘zbekistonlik yoshlarning asosiy qismi Germaniyaning “Ausbildung” dasturi bo‘yicha o‘qitildi.
O‘zaro aloqalarni kengaytirish va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirish maqsadida 2024-yilda o‘zbekistonliklarni ishga olish hajmini 500 nafarga yetkazish, mamlakatdagi o‘quv markazlari sonini ko‘paytirish hamda sayyohlik sohasida hamkorlikni boshlashga kelishildi.
Tomonlar O‘zbekistonda “DaF Srrashzentrum” nomi ostida nemis tilini o‘rgatish bo‘yicha Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarida 7ta o‘quv markazini tashkil etdi. Ularda 450ga yaqin talaba tahsil oladi.
Avvalroq Germaniyaning Gera savdo-sanoat palatasi o‘zbekistonliklarni mamlakatga ishga jalb qilishga yordam berishi ma’lum qilingandi. Fuqarolarni nemis tiliga o‘qitish, kasbga tayyorlash va Germaniyada ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.