30-noyabr kuni Toshkentning uchta tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:
- Bektemir tumani — “Gulbog‘” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
- Mirzo Ulug‘bek tumani — “Sho‘rtepa” va “Shukur Burxonov” MFYlarning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
- Sergeli tumani — “Yuqori Darxon” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.
Iyun oyidan buyon “Hududiy elektr tarmoqlari” avariyaviy holatlarning oldini olish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tarmoqda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.
Avgust oyi boshida Energetika vazirligi energiya yetkazib berishda yuzaga kelayotgan uzilishlar bo‘yicha munosabat bildirdi. Kuchli issiq harorat elektr energiyasidan fodalanishning karrasiga oshishiga olib kelgani ta’kidlandi. Undan keyin, davlat rahbari kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun favqulodda rejimga o‘tishni ma’lum qildi.
Joriy yilning 24-noyabr kuni Olmazor tumanidagi “Sag‘bon” podstansiyasida nosozlik yuzaga keldi. Natijada, tuman aholisining yirik qismi elektr energiyasisiz qoldi. 25-noyabr kuni kechga borib ta’mirlash ishlari yakunlanib, tuman iste’molchilarining elektr ta’minoti tiklandi.
Biroq, 27-noyabrga kelib, mazkur podstansiyadagi 10 kVli elektr qurilmasida nosozlik yuzaga keldi. Poytaxtning Olmazor tumanidagi hamda Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi ayrim iste’molchilar elektr ta’minotidan uzildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishgandi. Tizim 1-dekabrdan 24 soatlik ish rejimiga o‘tadi.