9-yanvar kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:

  • Mirobod tumani — “Sarakul” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha;
  • Uchtepa tumani — “Katta qani” MFYning ayrim hududlarida soat 09:00dan 17:00gacha.

Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.

2023-yilning iyun oyidan poytaxt elektr tarmoqlaridagi avariyaviy holatlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tarmoqda ta’mirlash ishlari boshlangandi.

Avgust oyida Energetika vazirligi yuzaga kelayotgan uzilishlar bo‘yicha munosabat bildirgandi. Iyun oyida jami 34,8 mln kVt/soat majburiy cheklov kiritilgan bo‘lib, ko‘rsatkich iyul oyining o‘tgan 31 kuni mobaynida 175 mln kVt/soatni tashkil etgan.

Anomal issiq fonida O‘zbekistonda elektr iste’moli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord ko‘rsatkichlarni yangiladi. 26-iyulda mamlakat bo‘yicha elektr iste’moli 250,7 mln kVt/soatni tashkil etib, o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 5,8% oshgan.

Sentabrda energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.

Avvalroq davlat rahbari elektr energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida o‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlari qo‘shilishini inobatga olib, tarmoqlarni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasini topshirgandi.

Bunda mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, yangi podstansiyalar, uzatish tarmoqlarini qurish, avtomatlashtirilgan himoya tizimlarini, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlarini (SCADA/EMS) joriy etish kerakligi qayd etilgan.