Parij shahriga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari bo‘yicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, “MEDEF International” rahbari — “Orano Mining” kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven ishtirok etdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbar va vakillari qatnashdi. Ular qatorida Fransiyaning “SUEZ”, “Veolia”, “Meridiam”, “Natixis”, “Airbus”, “Total Energies”, “Alstom”, “ADP Group” hamda “Assystem” kabi kompaniyalari bor.

Prezident Fransiya kompaniyalari bilan mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini “mamnuniyat bilan” qayd etdi. Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish mamlakat kompaniyalari bilan 2027-yilgacha mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi xizmat qilishi ta’kidlandi.

Dasturga umumiy qiymati 6,5 mlrd yevrolik aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan. Uni amalga oshirishda Fransiya bank va moliya tashkilotlarini jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tdi.

Salohiyatli sohalar qatorida energiya ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, O‘zbekiston hududlarida suv xo‘jaligi, kommunal, turizm, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish qayd etildi.

“Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qilaman. Biz tomondan unga O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazishimiz mumkin”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Fransiya ishbilarmon vakillarini ushbu kengashning to‘la huquqli a’zosi sifatida bo‘lajak tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi. O‘z navbatida, Fransiya tomoni hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildi.

Davlat rahbari ishbilarmon doiralar vakillariga muvaffaqiyatlar tilab, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga O‘zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlanadigan “yo‘l xaritalari” asosida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar almashildi.