AQShda fuqarolar advokatlar o‘rniga sun’iy intellektdan foydalangan holda sud ishlarida g‘alaba qozona boshlashdi. Bu haqda NBC News nashri xabar berdi.
Amerikalik Linn Uayt o‘zining g‘ildirakli uyi uchun ijara to‘lovini kechiktirdi va ko‘chirish to‘g‘risida xabarnoma oldi. Mahalliy ijarachilar huquqlarini himoya qilish jamiyati huquqshunosi uning ishini yutqazdi.
Uayt Covid-19 pandemiyasi davridagi yangiliklarga asoslanib, to‘lovlar 12 oyga kechikishi mumkinligini aytib, apellyatsiya berdi. Bu safar u ChatGPT va Perplexity’dan foydalangan holda o‘zini himoya qildi — har bir xizmat uchun oyiga $20 dan obuna to‘ladi.
Ular hujjatlarni tahlil qilish, “hakamning xatolarini aniqlash” va dalillarni tayyorlashga yordam berishdi. Sud uning tarafini olib, $55 ming jarima va $18 ming qarzdorlikni bekor qildi va ijarani davom ettirishga ruxsat berdi.
“Sun'iy intellektsiz bu apellyatsiyani hech qachon, aslo yutib ololmasdim”, dedi Linn Uayt NBC Newsga bergan intervyusida.
NBC News bilan suhbatlashgan amerikalik huquqshunoslarning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt modellari rivojlanishi bilan ayblanuvchilar advokatlar xizmatidan tez-tez voz kecha boshlagan.
“So‘nggi bir yil ichida men butun faoliyatim davomida ko‘rganimdan ko‘ra ko‘proq odam sudda o‘zini mustaqil ravishda tanishtirganini ko‘rdim”, — dedi Arizona shtatidagi Thorpe Shwer yuridik firmasi mutaxassisi Megan Xolms.
Yana bir misol, uyda fitnes biznesini yurituvchi Stasi Dennett advokatsiz qarz miqdorini $2000 ga kamaytirishga erishdi. U ChatGPTdan o‘z dalillarini “Garvard huquq maktabi professori” kabi tanqid qilishini so‘ragan.
Uning aytishicha, sud majlisidan so‘ng raqib tomon advokatlari uning huquq sohasidagi bilimlarini maqtab, agar istasa, yuridik karyera qilishi mumkinligini ham aytib o‘tishgan.
Huquqshunos va tadqiqotchi Damien Sharlotten ishtirokchilar neyron tarmoqlardan foydalangani isbotlangan ishlar ma’lumotlar bazasini yaratdi. Uning kuzatuvlariga ko‘ra, “faol o‘sish” 2025-yilning bahorida boshlangan. 2023-yildan beri u AQShda 282 ta, boshqa mamlakatlarda esa 130 dan ortiq shunday holatlarni qayd etgan.
Leki, ammo, biroq…
Bir nechta advokatlar jurnalistlar bilan suhbatda sun’iy ravishda yaratilgan sud hujjatlari ko‘pincha noaniqliklar yoki hatto to‘qib chiqarilgan pretsedentlar va iqtiboslarni o‘z ichiga olishini eslatib o‘tdilar.
Misol uchun, Bang Energy energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi asoschisi Jek Ovok o‘z arizasida 11 ta to‘qima ishga havola qilgani uchun o‘n soatlik jamoat ishlariga hukm qilindi.
U noto‘g‘ri reklama ishi bo‘yicha $311 mlnlik jarimaga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan va mablag‘ni tejash maqsadida sun’iy intellekt tizimlaridan foydalanib, o‘zini himoya qilishga qaror qilgan edi.
2025-yil sentabr oyida Kaliforniyalik advokat Amir Mostafaviyga $10 ming jarima solindi. U taqdim etgan apellyatsiyada 23 ta iqtibosdan 21 tasi ChatGPT tomonidan to‘qib chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Mostafaviy yaratilgan hujjatni “o‘qimaganini” tan oldi.
Google, OpenAI va xAI chat-botlaridan foydalanish qoidalarida ta’kidlanishicha, mutaxassis — yurist yoki shifokor maslahati talab etiladigan masalalarda sun’iy intellekt modellariga tayanish mumkin emas.
Avvalroq Spot Texasdagi maktablardan birida barcha o‘qituvchilar SIga almashtirilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, endi darslarni neyron tarmoqlar o‘tishmoqda va har bir o‘quvchiga maxsus yondashishmoqda.
