Krishtianu Ronaldo rasman boyligi $1 mlrddan oshgan birinchi futbolchi bo‘ldi, deb yozadi Bloomberg.
Bunga asosiy turtki Saudiya Arabistonining “Al-Nassr” klubi bilan yangi shartnoma, shuningdek, homiylik shartnomalari va biznesdan olingan daromadlar bo‘ldi.
Ronaldoning Al-Nassr bilan 2025-yil iyunidan boshlanadigan shartnomasi ikki yil davomida taxminan $620 mlnga baholanmoqda. Bu summa asosiy maosh, mukofotlar, opsion to‘lovlari, klubdagi ulush va boshqa imtiyozlarni o‘z ichiga oladi.
Shartnomaning o‘ziga xos jihatlari orasida klubning taxminan 15%lik ulushi, ligadagi yutuqlar, gollar va uzatmalar uchun mukofotlar, shaxsiy xizmat ko‘rsatish, xususiy samolyot va boshqa imtiyozlar mavjud.
Ronaldoga futboldan tushadigan maoshidan tashqari, uning CR7 brendi, Nike, Armani va boshqa kompaniyalar bilan tuzilgan homiylik shartnomalari, shuningdek, tijorat loyihalari, ko‘chmas mulk va mehmonxonalari ham katta daromad keltiradi.
Aksariyat yuqori darajadagi futbolchilarning bunday daromad miqdoriga teng keladigan va “barchasi kiritilgan” summasi bo‘yicha tenglashadigan shartnomalari yo‘q.
Misol uchun, ko‘pincha Ronaldu bilan taqqoslanadigan Lionel Messi boylik va daromadlar bo‘yicha ancha orqada qolmoqda. Messining boyligi $850 mlnga baholanmoqda.
Neymar, Kilian Mbappe va Karim Benzema kabi boshqa yuqori darajadagi futbolchilar esa taxminan $150−350 mln atrofida mablag‘ ishlab topishgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda futbol chiptalari shaxsni identifikatsiya qilish orqali sotilishi haqida yozgandi.
