Prezident O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston qiyofasida” namunali tumanlar, shaharlar va mahallalar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi.
Hududlarni qayta qurish dasturi respublikaning 33 ta tuman va shaharida amalga oshiriladi. Ular orasida Yangiyo‘l, Chirchiq, Marg‘ilon shaharlari hamda Asaka, Bo‘ka, Chinoz, Norin, G‘ijduvon, Chimboy va Qo‘ng‘irot tumanlari bor.
Bundan tashqari, har bir qishloq tumanida namunali mahallalarga aylantirilishi uchun ikkitadan mahalla tanlab olinadi. Tanlashda quyidagilar inobatga olinadi:
- tutash mahallalarni bog‘lovchi markaz vazifasini bajarishi, yirik avtomobil yo‘llariga yoki chegara hududlariga yaqin joylashganligi;
- tutash mahallalarni hisobga olgan holda aholi soni ko‘p va zich bo‘lishi;
- aholi yashi va tadbirkorlik faoliyati uchun zarur infratuzilmani yaxshilash ehtiyojining yuqoriligi;
- tadbirkorlik loyihalarini o‘zaro uyg‘un va master reja asosida tartibli joylashtirishga sharoit mavjudligi;
- hududida faoliyat ko‘rsatayotgan savdo, servis va kichik ishlab chiqarish obyektlari, bo‘sh turgan yer maydonlari yoki davlat mulki obyektlari mavjud bo‘lishi;
- kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirish, hunarmandchilik va mikrosanoat markazlarini tashkil etish imkoniyatining mavjud bo‘lishi.
Namunali hududlarda “Rivojlanish va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Uning doirasida tuman va shahar darajasida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yilgan.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” tuman va shaharlarda iqtisodiy o‘sishni mintaqadagi o‘rtachadan kamida 2−3% yuqori bo‘lishini taʼminlash ko‘zda tutilmoqda. Har yili $50 mlnlik kamida 10 ta yirik investitsiya loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Namunali hududlarda jadal o‘sishni taʼminlash uchun yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqariladi, sanoat zonalari quvvatlari kengaytiriladi. Bundan tashqari, kamida 3−5 ta yangi eksportchi korxonaning mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish maqsad qilingan.
Tuman yoki shaharning kamida bitta korxonasida xorijiy texnologlar, marketologlar va boshqa mutaxassislar ishtirokida milliy brend mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 10 nafar tadbirkor tajriba almashish uchun xorijiy sanoat ko‘rgazmalariga yuboriladi.
Ikki oy ichida namunali shahar va tumanlarda sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini tayyorlash topshirildi. Hujjatlarda sanoat zonalarining bo‘sh yerlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish, shuningdek, infratuzilma bilan taʼminlangan hududlarda yangi sanoat zonalarini barpo etish nazarda tutilishi kerak.
“Yashil” sanoat loyihalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda atrof-muhitga zarar yetkazishni kamaytirish uchun yuqori energiya samaradorligiga ega texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi tashkil etilishi haqida yozgandi. Unda 5 mingdan ortiq loyihalarga 4 trln so‘mlik moliyaviy ko‘mak beriladi, 1-dekabrdan esa tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat yoki kafillik taqdim etiladi.
