Prezident issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Hujjat meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda yangi zaxiralarni ishga solishni maqsad qiladi. Farmonga ko‘ra, 2025−2027-yillarda tarmoq bo‘yicha qator asosiy ko‘rsatkichlarga erishish rejalashtirilgan.

Xususan, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi 2026-yilda $3,5 mlrdga, 2027-yilda esa $4 mlrdga yetkaziladi.

Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlanadi. Natijada, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmi 2026-yilda 620 ming tonnaga, 2027-yilda 670 ming tonnaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Bu mahsulotlar eksporti ulushi esa 30% dan 70% gacha oshiriladi.

Qo‘shimcha ravishda, 2026-yilda 20 ming gektar, 2027-yilda esa 15 ming gektar yer maydonida dala chetiga mevali ko‘chatlar va sabzavotlar ekiladi.

Bundan tashqari, issiqxonalar uzluksiz ishlashi uchun bir qator imtiyozlar belgilandi.

Jumladan, 2026−2028-yillarda ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi. Shuningdek, 2025-yil 1-oktabr holatiga mavjud soliq qarzlari bo‘yicha to‘lov muddati foiz hisoblamasdan 2028-yil oxirigacha uzaytiriladi.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot eksportini ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda 2028-yilgacha issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq 1% gacha pasaytirilishi aytilgandi.

Soliq qo‘mitasiga issiqxonalardan qayta yo‘naltirilgan gazdan foydalanish samaradorligini tahlil qilish topshirildi. Agar boshqa sohalarda uning hisobidan yaratilgan qo‘shilgan qiymat past bo‘lsa, gazni issiqxonalarga yo‘naltirish kerak, dedi prezident.

Shuningdek, 2,6 mingdan ortiq issiqxonalarning 449,7 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlari 2026-yilgacha uzaytirilgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda 33 ta namunali tuman va shahar barpo etilishi haqida xabar berilgandi.