O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurishning asosiy bosqichi boshlandi, deb xabar berdi Rosatom davlat korporatsiyasi Telegram-kanalida.

Jizzax viloyatidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktoriga ega energoblok uchun kotlovan qazish ishlari boshlandi. Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyov va Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) rahbari Azim Axmedxo‘jayev ishning asosiy bosqichiga start berdi.

Birinchi bosqich Rossiya loyihasi bo‘yicha Forish tumanida qurilayotgan kichik AES energiya bloki uchun kotlovan qazishni o‘z ichiga oladi. Qurilish maydonida taxminan 1,5 mln kub metr tuproq qazib olinadi, kotlovan chuqurligi esa 13 metrga yetadi.

“Barcha xorijiy loyihalarimizda bo‘lgani kabi, KQAESni qurishda ham yuqori darajadagi mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Ishlar O‘zbekiston subpudrat tashkilotlari tomonidan bajarilmoqda. Rosatom kamida 60 yil xizmat qiladigan stansiya quradi va uning ekspluatatsiyasida barcha zarur yordamni ko‘rsatadi. Bizni ko‘p yillik samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik kutmoqda”, — dedi Aleksey Lixachyov.

Foto: Rosatom davlat korporatsiyasi

Kuni kecha Spot AES joylashtiriladigan maydonda kichik AES uchun kotlovan qazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida yozgandi. Ishlar shu hafta — 9−10 oktabr kunlari boshlanishi rejalashtirilgandi. Bundan tashqari, Enter Engineering kompaniyasi konstruksiyalarni dastlabki yig‘ish uchun qurilish-montaj bazasi, materiallar omborlari va beton aralashtirish uzellarini qurmoqda.

Mart oyida O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev kichik AES qurilishi bo‘yicha ishlar jadvaldan oldinda borayotganini ma’lum qilgandi. Dastlab birinchi betonni quyish 2026-yilning aprel-iyun oylariga rejalashtirilgan bo‘lsa, bu muddat undan oldinroqqa — keyingi yilning mart oyiga ko‘chirildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Rossiya bilan yirik AES qurilishi bo‘yicha shartnomani 2026-yilda tuzishi haqida xabar bergandi. Jizzax viloyatidagi AES qurilishiga 20 mingga yaqin ichshi jalb qilinadi, ularning kamida 70%ini mahalliy aholi tashkil etadi.