Universal Mobile Systems mobil aloqa operatorini (Mobiuz) xususiylashtirish jarayonida 10 ta majburiy bo‘lmagan narx takliflari qabul qilindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini sotish uchun birinchi bosqichda 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniyalardan konsultantlar — Rothschild & Co va KPMG’ga arizalar kelib tushgan. Bu AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Ularning barchasi keyingi — NBO bosqichiga o‘tkazilgan.
NBO bosqichida qo‘shimcha salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari davom ettirilib, EoI arizalari qabulida yana 1 nafar xorijiy kompaniyadan ariza kelib tushgan va keyingi bosqichiga kiritilgan.
Ikkinchi bosqichda 15-oktabrgacha jami 10 ta talabgordan Majburiyatga ega bo‘lmagan narx takliflari (NBO) taqdim etildi. Majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) taqdim etish bosqichiga o‘tkazilgan talabgorlarga jarayon xati orqali navbatdagi bosqich to‘g‘risida ma’lumot yetkaziladi.
Talabgorlarga kompaniyaning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati bo‘yicha kompleks tahliliy hisobotlari joylangan virtual ma’lumotlar xonasiga kirish hamda kompaniyaga tashrif buyurish va uning faoliyati bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Ishtirokchilarga operatorni sotib olish va kelgusidagi faoliyati bo‘yicha savdoning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim imzolash uchun taqdim etiladi. Konsultant tomonidan BO takliflari joriy yil 19-dekabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
Iyun oyi boshida Mobiuz’ni xususiylashtirish boshlandi. Bloomberg nashrining bitim tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan ikki xabardor manbasiga tayanib yozishicha, O‘zbekiston mobil aloqa operatorini $300 mlnga sotishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya haqida
Universal Mobile Systems MobiUz Mobiuz brendi ostida GSM, UMTS va 4G LTE standartlarida mobil uyali aloqa xizmatlari va mobil internet xizmatlarini taqdim etadi. 2024-yilda kompaniyaning sof tushumi 2,086 trln so‘mni, abonentlari soni esa 7,8 mln nafarni tashkil etdi.
Kompaniya O‘zbekiston va MTS o‘rtasidagi kelishuv asosida tashkil etilgan, biroq 2016-yilda rossiyalik operator o‘z ulushini sotib yuborgan. 2018-yilda Raqamli ishonch davlat jamg‘armasi, u 2021-yilda tugatilgach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi UMS egasiga aylandi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yil bahorida tasdiqlangan dasturda UMS’ni xususiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Bir necha oy o‘tgach, Davaktiv agentligi kompaniyani sotish uchun konsultantlar izlashni boshlaganini e’lon qildi.
Joriy yilning aprel oyida prezident davlat aktivlarini, shu jumladan UMSni xususiylashtirish bo‘yicha yangi qarorni imzoladi. Undan biroz oldin esa Davaktiv agentligi direktori Akmalxon Ortiqov yaqin kelajakda mobil aloqa operatorining ulushini “xalqaro ochiq savdolarga” qo‘yish rejalarini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot Antikorrupsiya agentligi Davaktivga UzPost xususiylashtirilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritgani haqida yozgandi. Davaktiv agentligidan davlat ulushini sotishda qonun talablari, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat‘iy amal qilish so‘raldi.
