O‘zbekiston global beqarorlik fonida narxlar rekord darajaga yetgani sababli oltin eksportini to‘xtatib, zaxirasini oshirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, yiliga taxminan 130 tonna oltin qazib oladigan O‘zbekiston yanvar oyida monetar bo‘lmagan oltin eksport qilinmagan, bu esa o‘tgan yil oxirida boshlangan sotuvlarni to‘xtatish jarayonini davom ettirgan.

Dekabrda O‘zbekiston oltin eksportini butunlay to‘xtatdi. Bu o‘tgan yilda Markaziy bank qimmatbaho metallni sotmagan beshinchi oy bo‘ldi — yanvar, iyun, oktabr, noyabr va dekabr oylarida oltin eksport qilinmadi.

Noyabrdan yanvargacha hech qanday eksport qayd etilmagan, oktabr oyida esa eksport minimal bo‘lgan. Shu bilan birga, rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yil davomida mamlakat rekord $9,9 mlrd miqdorida oltin eksport qilgan.

Eksportni to‘xtatib turgan bir vaqtda, O‘zbekiston davlat zaxiralarini oshirmoqda. O‘tgan yili mamlakat markaziy banki Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik 10 oltin xaridorlaridan biri bo‘lgan.

Yanvar oyida narxlar oshishi va markaziy bankning oltin sotib olishlarini davom ettirishi natijasida mamlakatning oltin zaxiralari deyarli 18% ga oshib, taxminan $65 mlrdga yetgan.

Hozirda oltin mamlakatning umumiy zaxiralarining 86% dan ortig‘ini tashkil etadi va budjet daromadining muhim qismini ta’minlaydi.


Avvalroq Spot AQSH va Isroilning Eronga qarshi zarbalari fonida oltin narxi oshayotgani haqida yozgandi.