2026-yilning yanvar oyida O‘zbekiston dunyoda oltinning eng yirik xaridori bo‘ldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, yil boshida markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilish sur’ati avvalgi 12 oylik o‘rtacha 27 tonnalik ko‘rsatkichga nisbatan sekinlashdi. Yanvar oyida sof oltin xaridlari jami 5 tonnani tashkil etdi.

Oltin narxlarining o‘zgaruvchanligi va bayramlar mavsumi ayrim markaziy banklarni biroz xariddan to‘xtatgan bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, pasayish alomatlari deyarli sezilmayotgan geosiyosiy keskinliklar 2026-yil davomida va undan keyin ham oltin zaxiralarini ko‘paytirish jarayonini davom ettirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Eng yirik xaridor O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi. Mamlakat oktabrdan beri kelayotgan xaridlar seriyasini davom ettirib, yanvarda 9 tonna oltin xarid qildi. Natijada oltin zaxiralari 399 tonnaga yetib, umumiy zaxiralarning 86% ini tashkil etdi.

Keyingi o‘rinni oltin xaridorlari qatoriga yangidan qo‘shilgan Malayziya markaziy banki — Bank Negara Malaysia egalladi. U o‘z zaxiralarini 2018-yildan beri ilk bor 3 tonnaga oshirdi. Shuningdek, Chexiya va Indoneziya (har biri 2 tonnadan), Xitoy va Serbiya (har biri 1 tonnadan) regulyatorlari ham oltin sotib oldi.

markaziy bank, oltin, oltin-valyuta zaxiralari

Yanvar oyida eng yirik sof sotuvchi Rossiya Markaziy banki bo‘ldi — 9 tonna. Undan keyingi o‘rinda Bolgariya (2 tonna), Qozog‘iston va Qirg‘iziston (har biri 1 tonnadan) markaziy banklari turadi.

WGC’ning qayd etishicha, Markaziy banklar tomonidan oltinga bo‘lgan talabning kengayishi 2026-yilning asosiy tendensiyalaridan biriga aylanishi mumkin. AQSH-Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayishi davom etayotgani va diplomatik yechim ko‘rinmayotgani bois, kelgusi 10−15 kun bu yilgi geosiyosiy vaziyatni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.

Yanvar oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $8,76 mlrdga (+13,2%) oshib, $75,08 mlrdni tashkil etdi. Oltin qiymati ketma-ket yettinchi oy rekordni yangilab, $64,98 mlrdga ($9,88 mlrd, +17,9%) yetdi, valyuta zaxiralari esa $1,21 mlrdga (-10,5%) qisqarib, $9,52 mlrdni tashkil etdi.

Avvalroq O‘zbekiston rekord narxlar fonida oltin eksportini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.