Savdo-sanoat palatasida Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi va ekspert guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unda prezidentining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish bo‘yicha farmon loyihasi muhokama qilindi.

Hujjat bilan, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat nazoratining barcha funksiyalarini — fitosanitar, karantin, sanitariya-epidemiologiya, gigiyena va veterinariya nazorati tizimlarini yagona qo‘mita tarkibida birlashtirish rejalashtirilmoqda.

Taʼkidlanishicha, bu orqali bir mahsulotni turli idoralarda qayta-qayta tekshirtirish o‘rniga, yagona murojaat orqali bozorga chiqarish uchun ruxsat olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, yangi tizim isteʼmolchilar uchun ham muhim bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Shu orqali sifatsiz va xavfli mahsulotlardan samarali himoya qilinadi.

Yig‘ilish davomida bildirilgan taklif va mulohazalar farmon loyihasini yana-da takomillashtirish maqsadida umumlashtiriladi.

Avvalroq prezident go‘sht importiga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa masalasini hal qilishni topshirgandi.