Toshkent viloyatida davlat xizmatchilari professional darajadagi xalqaro IT sertifikatiga o‘qitiladi. Bu bo‘yicha viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tegishli farmoyishni imzoladi.

Xususan, davlat xizmatchilari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishidagi kurslarga jalb qilinadi.

Buning uchun viloyat mahalliy budjetining joriy yil boshiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 270 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Farmoyish bilan ajratilgan mablag‘ bo‘yicha to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini, maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash belgilangan.

Hukumatning 2023-yilda qabul qilingan tegishli qarori bilan davlat organlari rahbarlari raqamli texnologiyalar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitilishi belgilangan.

Avvalroq Yagona portalda IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘lar to‘liq qoplab berila boshlangandi. Buning uchun ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lish kerak.