Joriy yilning 1-mayidan iste’molchilar uchun elektr-energiyasi va tabiiy gazga ijtimoiy norma belgilanmoqda. 1-iyundan AGTKShlarga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 1-maydan “metan zapravka"larda narxlar oshirilishi haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning qayd etishicha shu mazmundagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. U bu haqda 22-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Qayerdadir narx oshadigan bo‘lsa, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan, yurtdoshlarimizdan bu haqida tegishli organlarga xabar berishlarini iltimos qilamiz. Bosh prokurotura, qolaversa, „O‘zenergoinspeksiya“ xodimlari mazkur masala bilan jiddiy shug‘ullanishadi”, — dedi Hasan Toshxo‘jayev.

Joriy yilning mart oyi oxirida hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli qaror bilan “metan zapravka"larda sotiladigan 1 kub metr tabiiy gaz narxi qat’iy belgilangan bo‘lib, bu 1-iyungacha 3350 so‘mni tashkil etadi.

1-iyundan “metan zapravka"larga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshiriladi. 2025-yilning 1-aprelidan esa AGTKShlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib beriladi.

Avvalroq Toshkent viloyatida “metan zapravka” bir oyda 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan korxona rahbariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.