Metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati uzaytiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumatning 30-mart kuni qabul qilingan 173-sonli qarori bilan metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati uzaytirilmoqda.

Endilikda metan “zapravka"larda tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi joriy yilning 1-iyunigacha bir kub metr uchun 3 350 so‘m qilib belgilanadi. Oldingi narx 3 250 so‘mni tashkil etgandi.

Ya’ni, 1-apreldan yakuniga yetishi kerak bo‘lgan eng baland chakana narx uchun belgilangan muddat yana ikki oy davomida juz’iy o‘zgartishlar bilan amal qiladi, deyiladi vazirlik xabarida.