Amerikaning Gulf Oil kompaniyasi O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi yirik avtomobil yo‘llarini o‘rganib chiqdi va hozirda yo‘llar bo‘ylab avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ochishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini baholamoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik doirasida AYoQSHlar joylashtirish mumkin bo‘lgan istiqbolli nuqtalar aniqlanib, zarur hujjatlar to‘plangan. Hozirda Gulf avtomobillar harakati jadalligi, faoliyat ko‘rsatayotgan zapravkalar va elektromobillar soni, shuningdek, turli hududlardagi yoqilg‘iga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda loyihaning iqtisodiy samaradorligini hisoblamoqda.
“Ular yakuniy to‘xtamga kelgandagina keyingi bosqichga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi”, — deya ta’kidladi O‘zbekneftgaz vakili.
Uning qayd etishicha, loyihada O‘zbekneftgaz'ning ulushli ishtiroki shartlari va tegishli qaror hozircha belgilanmagan.
Abrorjon Xudoyberganov. Foto: O‘zbekneftgaz
Gulf Oil
2025-yilning oktabr oyida O‘zbekneftgaz va Gulf Oil o‘rtasida mamlakatning barcha hududlarida 100 tagacha AYoQSh tarmog‘ini yaratish bo‘yicha $100 mln lik memorandum imzolangan edi.
2026-yilning fevraliga kelib, Gulf vitse-prezidenti Kreyg Kramer ikki yil ichida do‘konlari mavjud bo‘lgan kamida 100 ta zapravka ochish rejalari haqida ma’lum qildi. Shuningdek, u hokimliklardan mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin AYoQShni sotib olish bo‘yicha takliflar tushganini aytib o‘tgandi.
Energetika vazirligining avvalroq e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, loyihani xorijiy investor hisobidan amalga oshirish rejalashtirilgan. Yoqilg‘i O‘zbekneftgaz'dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishlar va alohida imtiyozlarsiz, umumiy shartlarda birjada xarid qilinishi yoki import qilinishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Ustyurtdagi kon hali ochilmagani, loyiha geologiya-qidiruv bosqichida ekanligi haqida yozgan edi.
