2026-yilning yanvar-sentabr oylarida quyosh panellarini o‘rnatgan o‘zbekistonliklar yagona energiya tizimiga uzatilgan elektr energiyasi uchun 642,1 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya oldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi yarim yillikda to‘lovlar 330,82 mlrd so‘mni, iyul va avgust oylarida esa yana 211 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Iyul oyida subsidiyalarning umumiy hajmi qariyb 105,9 mlrd so‘mga, avgust oyida esa 105,4 mlrd so‘mga yetdi.
Birgina sentabr oyining o‘zida dastur doirasida 99,99 mlrd so‘m subsidiya to‘landi. Ushbu oyda 66,2 ming nafar fuqaro dasturdan foydalangan.
Subsidiyalarning eng katta qismi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keldi — 116,7 mlrd so‘m. Xorazm viloyatida 115,3 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘istonda 77,3 mlrd so‘m va Qashqadaryo viloyatida 72,6 mlrd so‘m subsidiya to‘landi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida 49,8 mlrd so‘m, Samarqandda 36,1 mlrd so‘m, Toshkent shahrida 32 mlrd so‘m, Toshkent viloyatida 30,3 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan. Eng kam subsidiya Jizzax viloyatida qayd etildi — 9,7 mlrd so‘m.
“Quyoshli xonadon” dasturi 2023-yil 1-apreldan buyon amal qilmoqda. Quvvati 50 kVt gacha bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari egalari o‘z iste‘molidan ortgan va yagona energiya tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun davlat budjetidan 1000 so‘mdan oladi.
Subsidiyani Soliq mobil ilovasining “Quyoshli uy” bo‘limi orqali mablag‘larni bank kartasiga o‘tkazishni rasmiylashtirgan holda olish mumkin.
Avvalroq Spot elektr va gaz iste’moli uchun kompensatsiya to‘lash muddati 2028-yil aprelgacha uzaytirilgani haqida yozgandi.