2026/2027-yilgi isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu haqda 28-oktabrda qabul qilingan prezident farmonida (PF-236-son) belgilangan. To‘lovlar noyabr oyida amalga oshiriladi.

Moddiy yordam, birinchi navbatda, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga beriladi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida reyestrga kiritilmagan, biroq uning mezonlariga mos keladigan ehtiyojmand oilalar ham yordam olishi mumkin.

Jumladan, oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan (1,43 mln so‘m) oshmaydigan oilalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar ham moddiy yordam olishi mumkin. Ular uchun daromad chegarasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda MIXning ikki baravari (1,43 mln so‘m), Toshkent shahrida uch baravari (2,14 mln so‘m) etib belgilangan.

Bundan tashqari, barqaror ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman va shahar shtablari qaroriga muvofiq, belgilangan daromad mezonlaridan yuqori daromadga ega ayrim ehtiyojmand oilalarga ham yordam ajratiladi.

Shuningdek, yordam o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan fuqarolar hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalarga ham beriladi.

Oktabr oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Unda mablag‘lar 30-noyabrgacha fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishi belgilangan.

Avvalroq Spot isitish mavsumida gazlashmagan hududlarda elektr bo‘yicha bazaviy me’yor 350 kVt·soatga oshirilishi haqida yozgandi.