Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni kuz-qish mavsumida aholini, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Isitish mavsumida gazlashmagan hamda gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kVt/soat dan 350 kVt/soat ga oshirish taklifi ma’qullandi.
Dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kirmagan ehtiyojmand oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga qo‘llaniladigan daromad mezonini 1,43 mln so‘mgacha oshirish taklifi ko‘rib chiqildi. Natijada qo‘llab-quvvatlash qamrovi yana 166 ming oilaga kengayadi.




Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi. Bu orqali bir yilda 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda.
Sharoiti og‘ir mahallalardagi 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari davom ettiriladi.
Davlat rahbari hukumatga belgilangan yordam uchun mablag‘larni o‘z vaqtida yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordam har bir oilaga yetib borishi ustidan nazoratni kuchaytirishni topshirdi.
Shuningdek, energiya resurslarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish, ortiqcha xarajatlar va tarmoqlardagi yo‘qotishlarni qisqartirish bo‘yicha ham qator ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Spot gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflar ishlab chiqilishi haqida yozgan edi.



